Koʻkrak bezi saratoni
Belgilar, xavf omillari, oʻz-oʻzini tekshirish va skrining haqida.
Savol-javob
Koʻkrak bezi saratoni – sut bezi toʻqimasi hujayralarining nazoratsiz koʻpayishi oqibatida xavfli oʻsma hosil boʻladigan kasallik. Bu kasallik koʻproq ayollarda uchraydi, ammo kamdan-kam hollarda erkaklarda ham uchrashi mumkin. Koʻkrak bezi saratoni har doim ham ogʻriq bilan kechmaydi, shu sababli muntazam tekshiruvlardan oʻtib turish va koʻkrakdagi oʻzgarishlarga eʼtibor qaratish muhimdir. Kasallik erta aniqlansa, uni muvaffaqiyatli davolash ehtimoli yuqori boʻladi.
Skrining – bu Koʻkrak bezi saratonini ilk bosqichda, hali alomatlar paydo boʻlmasdanoq aniqlashga yordam beradigan tekshiruv. Ogʻriq yoki hech qanday shikoyat boʻlmasa ham koʻkrakni tekshiruvdan oʻtkazib turish muhim. Kasallik qanchalik erta aniqlansa, uni muvaffaqiyatli davolash imkoniyati yuqori boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning PQ-402-son qaroriga muvofiq, 30 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan ayollarning har ikki yilda bir marta skriningdan oʻtishi koʻzda tutilgan. Birinchi bosqichda tibbiyot xodimi tomonidan koʻrik oʻtkaziladi. 30–44 yoshdagi ayollarda sut bezlari ultratovush tekshiruvi, 45 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan ayollarda esa mammografiya yordamida tekshiriladi.
Agar koʻkrakda qattiqlashish (tugun), uning oʻlchami yoki shakli oʻzgarishi, koʻkrak uchi ichkariga tortilishi, teridagi oʻzgarishlar yoki koʻkrak uchidan gʻayritabiiy, ayniqsa qonli ajralmalar kelishini sezsangiz, tezkor shifokorga murojaat qiling. Ogʻriq boʻlmasligi mumkin, shuning uchun ogʻriqning yoʻqligi hammasi joyida degani emas.
BU MUHIM: qattiqlashish har doim ham saratonni anglatmaydi – sababini shifokor aniqlashi kerak.
Sarosimaga tushmang, ammo keyingi tekshiruvlarni ham kechiktirmang. Skrining natijasi hali sizda saraton bor degani emas. Shifokor qoʻshimcha tekshiruvlar, masalan, UTT, mammografiya yoki biopsiya – tahlil uchun kichik toʻqima namunasini olishni tayinlashi mumkin. Aynan toʻqimani tekshirish tashxisni tasdiqlash yoki inkor etish imkonini beradi.
Ha, koʻkrak bezi saratonini davolash mumkin, kasallik erta aniqlanganda muvaffaqiyatli davolanish imkoniyati oshadi. Davolash usuli oʻsma turiga va kasallik bosqichiga bogʻliq. Ayrim hollarda koʻkrakning katta qismini saqlab qolgan holda faqat oʻsmani olib tashlash kifoya qilsa, boshqa hollarda butun koʻkrak bezini olib tashlash talab etiladi. Shuningdek, dori-darmon terapiyasi va nur terapiyasi ham qoʻllanilishi mumkin. Davolash rejasini shifokor har bir bemor uchun individual tarzda belgilaydi.
Bachadon boʻyni saratoni – bu bachadon boʻyni hujayralarining nazoratsiz koʻpayishi natijasida xavfli oʻsma hosil boʻladigan kasallik. Aksariyat hollarda bu kasallik odam papilloma virusi (OPV) organizmda uzoq vaqt saqlanib qolishi bilan bogʻliq boʻladi. Bachadon boʻyni saratoni asta-sekin rivojlanishi mumkin, shu sababli muntazam tekshiruvlar xavfli oʻzgarishlar paydo boʻlmasdanoq aniqlashga yordam beradi.
Skrining – bu saratonoldi oʻzgarishlarini yoki kasallik belgilarini alomatlar paydo boʻlishidan oldin aniqlashga yordam beradigan tekshiruv. U oʻzgarishlarni erta bosqichda aniqlash va davolashni oʻz vaqtida boshlash imkonini beradi. Ayol oʻzini yaxshi his qilsa va unda hech qanday shikoyatlar boʻlmasa ham, shifokor tavsiyalariga muvofiq tekshiruvdan oʻtib turishi muhimdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-402-son qaroriga muvofiq, davlat dasturi doirasida 30, 40 va 50 yoshli ayollar bachadon boʻyni saratoni skriningiga jalb etiladi: OPV (odam papillomavirusi) testi oʻtkaziladi, musbat natijada suyuqlik asosidagi sitologiya qilinadi. Natija manfiy boʻlsa, keyingi rejali tekshiruv 10 yildan keyin. Tekshiruv joyi va muddatlarini oilaviy poliklinikadan aniqlash mumkin.
Jinsiy aloqadan keyingi qonli ajralmalar, hayz sikllari oraligʻidagi yoki menopauzadan keyingi qon ketishlar, shuningdek, noodatiy ajralmalar ehtimoliy muammolarga ishora qilishi mumkin. Qorinning pastki qismidagi ogʻriq turli kasalliklarda yuzaga kelishi mumkin va bu oʻz-oʻzidan saraton belgisi degani emas. Ilk bosqichlarda bachadon boʻyni saratoni koʻpincha alomatlarsiz kechadi, shu sababli hech narsa bezovta qilmagan taqdirda ham skriningdan oʻtish muhim.
Vahimaga tushmang: OPV boʻyicha musbat test yoki skrining natijasidagi oʻzgarishlar sizda saraton bor degani emas. Shifokor qoʻshimcha tekshiruvlarni, masalan, kolposkopiya – bachadon boʻynini kattalashtirib koʻrish, yoki tahlil uchun toʻqimaning kichik namunasi olinadigan biopsiyani tayinlashi mumkin. Tekshiruv natijalariga koʻra shifokor davolanish zarur yoki yoʻqligini va aynan qanday muolaja kerakligini belgilaydi.
Ha, bachadon boʻyni saratoni davolanadi, ayniqsa u erta bosqichda aniqlangan boʻlsa. Kasallik bosqichiga qarab jarrohlik amaliyoti, nur terapiyasi va dori-darmonlar bilan davolash usullari qoʻllanishi mumkin. Saraton rivojlanish xavfini kamaytirish uchun saratonoldi oʻzgarishlarini ham davolash mumkin. Kasallik qanchalik erta aniqlansa, uni muvaffaqiyatli davolash imkoniyati shunchalik yuqori boʻladi.
Ha. Odam papillomavirusiga (OPV) qarshi emlash bachadon boʻyni saratonini eng koʻp keltirib chiqaradigan virus turlaridan himoyalanishga yordam beradi. Oʻzbekistonda OPVga qarshi emlash 9 yoshli qizlar uchun milliy profilaktik emlashlar taqvimiga kiritilgan. Emlash virus bilan toʻqnash kelgunga qadar eng yuqori samara beradi. Shu bilan birga, emlash skrining oʻrnini bosmaydi: ayollarning yoshiga va shifokor tavsiyalariga muvofiq tekshiruvlardan oʻtib turishi muhim.
Yoʻnalishlar
Har bir yoʻnalishda — belgilar, skrining, davolash va qoʻllab-quvvatlash haqida.
Belgilar, xavf omillari, oʻz-oʻzini tekshirish va skrining haqida.
Xavf omillari, aniqlash usullari va davolash haqida.
Savol berish
Savolingizga shifokor javob beradi. Ismingiz va kontaktlaringiz oshkor qilinmaydi.
Portal kontentini takomillashtirish boʻyicha taklif va mulohazalaringiz boʻlsa, ularni n.akhatov@asr.gov.uz elektron pochta manziliga yuborishingizni soʻraymiz.