Koʻkrak bezi saratoni nima?

Koʻkrak bezi saratoni (KBS) – ayollar orasida eng koʻp uchraydigan onkologik kasallikdir. KBS bu – koʻkrak hujayralarining saraton hujayralariga aylanishi natijasida yuzaga keladigan kasallik. Koʻkrak saratoni oʻpka saratonidan keyin ikkinchi eng keng tarqalgan saraton turi boʻlib, ayollar orasida birinchi oʻrinda turadi. JSST maʼlumotlariga koʻra, har yili 1,5 million ayolga koʻkrak bezi saratoni tashxisi qoʻyiladi. Ushbu kasallik 13 yoshdan 90 yoshgacha boʻlgan ayollarning taxminan 10 foizida uchraydi. Erkaklar ushbu kasallikka kamroq chalinadilar (1%). Kasallikdan oʻlim holatlari taxminan 50% ni tashkil qiladi.

Saraton oʻsimtasi xavfsiz oʻsmadan farqli oʻlaroq tezroq oʻsadi va metastaz yoʻli bilan boshqa organlarga juda faol tarqaladi hamda limfa tugunlariga ham taʼsir qiladi.

Koʻkrak bezi saratoni bosqichlari

Davolanishni boshlashdan oldin shifokor nima bilan ish olib borayotganini aniq bilishi kerak. Diagnostika bir nechta muhim savollarga javob beradi:

  • oʻsma yomon sifatlimi?
  • uning oʻlchami qanday?
  • limfa tugunlari yoki boshqa aʼzolarga tarqalganmi?
  • oʻsmada qanday xususiyatlar mavjud?

Aynan shu javoblarga qarab davolash yoʻnalishi va natijasi belgilanadi.

  1. Diagnostikaning asosiy bosqichlari

    Shifokor avvalo koʻkrak bezlarini va limfa tugunlarini koʻzdan kechiradi va paypaslab tekshiradi. Soʻng mammografiya yoki sut bezlari va limfa tugunlarining UTT tekshiruvini tayinlaydi.

  2. Biopsiya va toʻqima tahlili

    Tashxisni tasdiqlash uchun oʻsma toʻqimasi mikroskop ostida oʻrganiladi. Buning uchun biopsiya oʻtkaziladi — shifokor oʻsmadan kichik boʻlakcha olib, laboratoriyaga yuboradi.

  3. Gistologik va IGX tahlil

    Gistologik tahlil oʻsmada qanday hujayralar borligini koʻrsatadi, immunogistokimyoviy (IGX) esa oʻsmaning turini aniqlashga yordam beradi:

    • gormonga taʼsirchan retseptorlar (estrogen, progesteron) bormi;
    • HER2 oqsili aniqlanadimi;
    • hujayralar qanchalik tez boʻlinadi (Koʻrsatkich Ki-67).

    Ushbu maʼlumotlar asosida qanday davolash — jarrohlik, gormonterapiya, targetli yoki kimyoterapiya — eng mos kelishi aniqlanadi.

  4. Metastazlarni aniqlash

    Agar oʻsma katta, limfa tugunlari zararlangan yoki tarqalish belgilari boʻlsa, KT oʻtkaziladi. Zaruratda suyaklar ostsintigrafiyasi yoki PET-KT ham tavsiya etiladi.

    KT — koʻkrak, qorin va chanoqni tekshirish.

    Suyaklar ostsintigrafiyasi — suyak metastazlarini aniqlash.

    PET-KT — mayda metastazlarni aniqlash.

    MRT — miya va orqa miyani tekshirish.

    Agar bemorda asab tizimi bilan bogʻliq alomatlar (bosh ogʻrishi, muvozanat buzilishi) boʻlsa, miya yoki orqa miyaning MRT tekshiruvi oʻtkaziladi.

  5. Genetik test

    Baʼzi sut bezi saratoni turlari irsiy gen mutatsiyalari bilan bogʻliq — eng koʻp BRCA1 va BRCA2 genlari. Genetik shifokor maslahati va tahlil quyidagi hollarda tavsiya etiladi:

    • 45 yoshgacha boʻlgan ayollar uchun;
    • 60 yoshgacha boʻlgan uch martalik salbiy (triple-negative) saraton holatlarida;
    • agar oila tarixida koʻkrak, tuxumdon, prostata yoki oshqozon osti bezi saratoni boʻlgan boʻlsa;
    • koʻkrak bezi saratoni aniqlangan erkaklar uchun.

    Bunday mutatsiyani aniqlash faqat davolash usulini tanlashda emas, balki oila aʼzolari uchun xavfni baholashda ham muhimdir.

  6. Davolanishdan oldingi tahlillar

    Davolashni boshlashdan oldin organizmning umumiy holatini baholash kerak. Shifokor quyidagi tahlillarni buyuradi:

    • qonning klinik va biokimyoviy tahlili;
    • qon ivish tizimini baholovchi koagulogramma;
    • siydik tahlili;
    • homiladorlik testi (bola tugʻish yoshidagi ayollar uchun).

    Bu tahlillar davolashni xavfsiz va toʻgʻri rejalashtirishga yordam beradi.

Eng muhimi!

Zamonaviy diagnostika nafaqat saratonni tasdiqlaydi, balki uning qanday rivojlanayotganini ham koʻrsatadi. Maʼlumot qanchalik toʻliq va aniq boʻlsa, davolash shunchalik samarali boʻladi. Shu yoʻl bilan toʻliq sogʻayish imkoniyati oshadi.

Koʻkrak bezi saratoni sabablari

Ayollar

Erkaklarga qaraganda koʻkrak bezi saratoni bilan kasallanish ehtimoli koʻproq

Ulgʻaygan yosh

Koʻkrak bezi saratoni xavfi yoshga qarab ortadi (koʻpincha 35 yoshdan keyin)

Koʻkrak kasalliklari

Shaxsiy anamnezda koʻkrak kasalligi bilan ogʻrish (lobulyar karsinoma in situ, atipik koʻkrak giperplaziyasini aniqlaydigan koʻkrak biopsiyasi)

Boshqa kasalliklar

Bepushtlik, jinsiy aʼzolarning yalligʻlanishi, laktatsiyaning buzilishi

Irsiy genlar

Koʻkrak saratoni xavfini oshiradigan baʼzi gen mutatsiyalari ota-onadan bolaga oʻtishi mumkin. Eng koʻp uchraydigan gen mutatsiyalari BRCA1 va BRCA2.

Radiatsiya taʼsiri

Agar siz bolaligingiz yoki yoshligingizda koʻkrak qafasidagi nur terapiyasini olgan boʻlsangiz, koʻkrak saratoni xavfi ortadi.

Boshqa kasalliklar

Qandli diabet, semizlik, ateroskleroz, immunitet tanqisligi

Kech tugʻish

Birinchi farzandini 30 yoshdan keyin dunyoga keltirgan ayollarda koʻkrak bezi saratoni xavfi ortishi mumkin

Gormon terapiyasi

Klimaks belgilari va alomatlarini davolash uchun estrogen va progesteronni birlashtirgan gormon terapiyasi dori-darmonlarini qabul qilish

Zararli odatlar

spirtli ichimliklar ichish, zaharlanish, chekish

Koʻkrak bezi saratoni belgilari

Koʻkrakdagi qattiqlik yoki “shish” paydo boʻlishi

Koʻpchilik hollarda bu oʻsma yaxshi sifatli boʻladi, lekin baʼzi belgilar saraton ehtimolini oshiradi:

  • oʻsma juda zich, “toshdek qattiq”;
  • teri ostida yomon siljiydi;
  • qirralari notekis, gʻadir-budir;
  • odatda ogʻriqsiz.

Baʼzan oʻsmani qoʻl bilan sezish mumkin, hatto mammografiya uni koʻrsatmasa ham. Shu sababli har qanday tekshiruvdan oldin shifokor koʻrigi zarur.

Teri oʻzgarishlari

Saraton faqat oʻsma bilan emas, balki koʻkrak terisi oʻzgarishlari bilan ham namoyon boʻlishi mumkin:

  • qizarish yoki sababsiz koʻkarish;
  • shish, terining qalinlashishi yoki zichlashishi;
  • terining yoki soʻrgʻichning tortilishi (ichkariga kirib ketishi);
  • quruqlik, toshma, tuzalmas yaralar;
  • soʻrgʻich yoki areola sohasida yara yoki ekzema.

Bu belgilar oʻsma teriga yaqin joylashganda paydo boʻladi.

Soʻrgʻichdan ajralmalar

Ajralmalar har doim ham saratonni anglatmaydi. Koʻpincha ular yaxshi sifatli oʻzgarishlar — papilloma, yalligʻlanish yoki vaqtinchalik holatlardir. Ammo quyidagi belgilar boʻlsa, ehtiyot boʻlish kerak:

  • ajralmalar oʻz-oʻzidan, bosmasdan paydo boʻladi;
  • faqat bitta soʻrgʻichdan chiqadi;
  • faqat bitta nuqtadan (bitta kanal) tomchi ajraladi;
  • ajralmalar qon aralash boʻladi.

Bunday hollarda shifokorga murojaat qilib, tekshiruvdan oʻtish lozim.

Limfa tugunlaridagi belgilar

Saraton qoʻltiq osti, oʻmrov usti yoki osti limfa tugunlarining kattalashuvi bilan ham namoyon boʻlishi mumkin.

Odatda bu tugunlar bilinmaydi, lekin kasallikda ular kattalashib, harakatda noqulaylik yoki shish hissini keltirib chiqaradi.

Har doim ham limfa tugunining kattalashishi saraton belgisi emas — bu infektsiyaga javob boʻlishi ham mumkin. Aniqlik kiritish uchun biopsiya oʻtkaziladi: shifokor toʻqimadan kichik namunani olib, laboratoriyada tekshiradi.

Shifokor koʻrigi

Qabul vaqtida shifokor (ginekolog, mammolog yoki onkolog) sizdan quyidagilar haqida soʻraydi: yaqin qarindoshlaringizda koʻkrak bezi saratoni boʻlganmi, hayz qachon boshlangan va tugagan, oxirgi hayz qachon boʻlgan, homiladorlik va emizish qanday oʻtgan, hozirda qanday dori vositalari qabul qilinmoqda. Bu maʼlumotlar shifokorga xavf omillarini baholashda yordam beradi.

Agar siz koʻkragingizda oʻzgarishlarni sezsangiz, bu haqda shifokorga albatta xabar bering. Ayniqsa, bu oʻzgarishlar hayz davri bilan bogʻliqligini, yaʼni maʼlum kunlarda kuchayishi yoki oʻtib ketishini aniqlashtirish muhim.

Koʻrik vaqtida shifokor koʻkrakni va qoʻltiq osti sohasini diqqat bilan koʻzdan kechiradi va paypaslab tekshiradi. Kattalashgan limfa tugunlari yalligʻlanish yoki oʻsmaning tarqalganini koʻrsatishi mumkin va qoʻshimcha tekshiruvni talab qiladi.

Aniqroq natijaga erishish uchun shifokor sizdan turish, oʻtirish yoki yotish holatida boʻlishingizni soʻrashi mumkin. Agar tekshiruv paytida ogʻriq yoki noqulaylik sezsangiz, bu haqida darhol shifokorga ayting.

Koʻkrakni oʻz-oʻzini tekshirish

Oʻz-oʻzini tekshirish kerakmi?

Oʻz-oʻzini tekshirish koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash usuli hisoblanmaydi. Shunga qaramay, bu usul foydali boʻlishi mumkin: u sizga koʻkragingizning holatini yaxshiroq bilishga va oʻzgarishlarni erta payqashga yordam beradi.

Oʻz-oʻzini tekshirishni qanday bajarish kerak?

Koʻkrak toʻqimasi hayz sikli bosqichlariga qarab oʻzgaradi, shuning uchun eng qulay vaqt hayz boshlanganidan 5–7 kundan keyingi kun hisoblanadi. Menopauzadagi ayollar har oyda bir xil sanani tanlab, shu kuni tekshiruvni oʻtkazishlari tavsiya etiladi.

1-bosqich

Avval oynaga qarab, qoʻllaringizni pastga tushirib turing. Koʻkrak shakliga, simmetriyasiga, teri va soʻrgʻich holatiga eʼtibor bering.

2-bosqich

Soʻng qoʻllaringizni bosh orqasiga qoʻyib, yana koʻkragingizni koʻrib chiqing. Koʻkrak shakliga, simmetriyasiga, teri va soʻrgʻich holatiga eʼtibor bering.

3-bosqich

Paypaslab tekshirish. Eng qulay holat — yotgan holda, chunki bu paytda koʻkrak toʻqimasi bir tekis tarqaladi va teri tuzilishini yaxshiroq sezish mumkin. Tekshiruvni dushda, qoʻl va koʻkrak terisini sovunlab, barmoqlarni osonroq harakatlantirish uchun ham bajarish mumkin. Barmoqlaringiz uchlari bilan yumshoq bosib, koʻkrakning barcha qismlarini birma-bir tekshiring. Buni yuqoridan pastga, aylana shaklida yoki markazdan tashqariga qarab amalga oshirish mumkin — goʻyo koʻkrakni bir nechta sektorlarga boʻlayotgandek.

4-bosqich

Shundan soʻng ehtiyotlik bilan soʻrgʻichni bosing va suyuqlik bor yoki yoʻqligini tekshirib koʻring. Keyin qoʻltiq osti sohasini paypaslab chiqing.

Oʻz-oʻzini tekshirish professional skrining oʻrnini bosa olmaydi, lekin oʻz tanangizni yaxshiroq bilishga yordam beradi. Agar siz oʻz tanangizning normal holatini bilsangiz, har qanday oʻzgarishni erta payqaysiz va oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilasiz.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar oʻz-oʻzini tekshirish vaqtida quyidagi oʻzgarishlardan birini sezsangiz, shifokorga murojaat qilishni kechiktirmang:

  • koʻkrak shakli yoki hajmining oʻzgarishi;
  • qattiqlik yoki shish paydo boʻlishi;
  • teri holatining oʻzgarishi — ichkariga tortilish, qizarish, quruqlashish;
  • soʻrgʻichning tortilishi yoki joyining oʻzgarishi;
  • soʻrgʻichdan suyuqlik chiqishi.

Portal kontentini takomillashtirish boʻyicha taklif va mulohazalaringiz boʻlsa, ularni n.akhatov@asr.gov.uz elektron pochta manziliga yuborishingizni soʻraymiz.