Savol-javob
Koʻkrak bezi saratoni nima?
Koʻkrak bezi saratoni – sut bezi toʻqimasi hujayralarining nazoratsiz koʻpayishi oqibatida xavfli oʻsma hosil boʻladigan kasallik. Bu kasallik koʻproq ayollarda uchraydi, ammo kamdan-kam hollarda erkaklarda ham uchrashi mumkin. Koʻkrak bezi saratoni har doim ham ogʻriq bilan kechmaydi, shu sababli muntazam tekshiruvlardan oʻtib turish va koʻkrakdagi oʻzgarishlarga eʼtibor qaratish muhimdir. Kasallik erta aniqlansa, uni muvaffaqiyatli davolash ehtimoli yuqori boʻladi.
Koʻkrak bezi saratoni skriningi nima uchun kerak?
Skrining – bu Koʻkrak bezi saratonini ilk bosqichda, hali alomatlar paydo boʻlmasdanoq aniqlashga yordam beradigan tekshiruv. Ogʻriq yoki hech qanday shikoyat boʻlmasa ham koʻkrakni tekshiruvdan oʻtkazib turish muhim. Kasallik qanchalik erta aniqlansa, uni muvaffaqiyatli davolash imkoniyati yuqori boʻladi.
Skriningni qaysi yoshda oʻtish kerak?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning PQ-402-son qaroriga muvofiq, 30 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan ayollarning har ikki yilda bir marta skriningdan oʻtishi koʻzda tutilgan. Birinchi bosqichda tibbiyot xodimi tomonidan koʻrik oʻtkaziladi. 30–44 yoshdagi ayollarda sut bezlari ultratovush tekshiruvi, 45 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan ayollarda esa mammografiya yordamida tekshiriladi.
Qaysi belgilar koʻkrak bezi saratonidan darak berishi mumkin?
Agar koʻkrakda qattiqlashish (tugun), uning oʻlchami yoki shakli oʻzgarishi, koʻkrak uchi ichkariga tortilishi, teridagi oʻzgarishlar yoki koʻkrak uchidan gʻayritabiiy, ayniqsa qonli ajralmalar kelishini sezsangiz, tezkor shifokorga murojaat qiling. Ogʻriq boʻlmasligi mumkin, shuning uchun ogʻriqning yoʻqligi hammasi joyida degani emas.
BU MUHIM: qattiqlashish har doim ham saratonni anglatmaydi – sababini shifokor aniqlashi kerak.
Agar tekshiruv saratonga shubha borligini koʻrsatsa, keyin nima qilish kerak?
Sarosimaga tushmang, ammo keyingi tekshiruvlarni ham kechiktirmang. Skrining natijasi hali sizda saraton bor degani emas. Shifokor qoʻshimcha tekshiruvlar, masalan, UTT, mammografiya yoki biopsiya – tahlil uchun kichik toʻqima namunasini olishni tayinlashi mumkin. Aynan toʻqimani tekshirish tashxisni tasdiqlash yoki inkor etish imkonini beradi.
Koʻkrak bezi saratonini davolash mumkinmi va koʻkrakni olib tashlash shartmi?
Ha, koʻkrak bezi saratonini davolash mumkin, kasallik erta aniqlanganda muvaffaqiyatli davolanish imkoniyati oshadi. Davolash usuli oʻsma turiga va kasallik bosqichiga bogʻliq. Ayrim hollarda koʻkrakning katta qismini saqlab qolgan holda faqat oʻsmani olib tashlash kifoya qilsa, boshqa hollarda butun koʻkrak bezini olib tashlash talab etiladi. Shuningdek, dori-darmon terapiyasi va nur terapiyasi ham qoʻllanilishi mumkin. Davolash rejasini shifokor har bir bemor uchun individual tarzda belgilaydi.
Javob topmadingizmi? Savolingizni shifokorga yuboring.
