Bachadon boʻyni saratoni shakllari

Bachadon boʻyni saratoni — eng yaxshi oʻrganilgan onkologik kasalliklardan biri boʻlib, deyarli 99 foiz holatlar inson papilloma virusi (HPV) bilan bogʻliq. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan 2020 yilda qabul qilingan tasnifga koʻra, oʻsimtalar ularning qaysi hujayralardan rivojlanganiga qarab boʻlinadi.

Bachadon boʻyni saratonining asosiy shakllari

Yassi epiteliydan rivojlangan oʻsimtalar:

  • HPV bilan bogʻliq yassi hujayrali saraton;
  • HPV bilan bogʻliq boʻlmagan yassi hujayrali saraton;
  • noaniq (nonspefik) yassi hujayrali saraton.

Bezli epiteliydan rivojlanadigan oʻsimtalar:

  • HPV bilan bogʻliq adenokarsinoma;
  • HPV bilan bogʻliq boʻlmagan adenokarsinoma (oshqozon, yorugʼ hujayrali, mezonefrik turlari);
  • endometrioid adenokarsinoma;
  • karsinosarkoma.

Noyob shakllar:

  • aralash epitelial va mezenximal oʻsimtalar;
  • germinogen oʻsimtalar;
  • neyroendokrin oʻsimtalar.

HPV bilan bogʻliq boʻlmagan saraton odatda tezroq rivojlanadi va prognozi yomonroq boʻladi. Shu sababli, bugungi kunda HPV maqomi (statusi) davolash rejasini tanlashda muhim omil hisoblanadi.

Hujayralar differensiyalanish darajasi

Differensiyalanish — bu oʻsimta hujayralari sogʻlom hujayralardan qanchalik farq qilishini bildiradi. Qanchalik farq katta boʻlsa, oʻsimta shunchalik tez oʻsadi va tarqalish xavfi yuqori boʻladi.

Uchta daraja mavjud:

  • 1-daraja (past malignlik) — hujayralar sogʻlom hujayralarga oʻxshaydi, oʻsish sekin;
  • 2-daraja — oʻrtacha farq, oʻsish tezlashgan;
  • 3-daraja (yuqori malignlik) — hujayralar keskin oʻzgargan, oʻsma tez oʻsadi va tarqaladi.

Bugungi amaliyotda differensiyalanish darajasi asosan HPV bilan bogʻliq adenokarsinomalar uchun muhim boʻlib, boshqa shakllar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega emas.

Eng koʻp uchraydigan shakllar

  • Yassi hujayrali saraton — barcha holatlarning taxminan 80 foizini tashkil etadi. Skrining tufayli koʻpincha erta bosqichda aniqlanadi va muvaffaqiyatli davolanadi (jarrohlik, nur yoki kimyonur terapiyasi).
  • Adenokarsinoma — 10–20 foiz hollarda uchraydi, oʻtishi yassi hujayrali shaklga oʻxshash. Davolash taktikasi bosqichga bogʻliq.
  • Neyroendokrin karsinoma — kam uchraydigan (1%) lekin agressiv tur. U tezda metastaz beradi va koʻpincha jarrohlik, kimyo va nur terapiyasining kombinatsiyasi bilan davolanadi.
  • Germinogen oʻsimtalar — juda kam uchraydi, lekin oʻtkir kechadi. Asosiy davolash usuli — jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash.

Metastatik jarayonlarda

Asosiy davolash — tizimli terapiya (kimyoterapiya, nishonli yoki immunoterapiya). Ayrim hollarda mahalliy usullar — metastazni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash yoki nur terapiyasi — qoʻshimcha sifatida qoʻllaniladi.

Asosiysi

Bachadon boʻyni saratonining ikki asosiy shakli mavjud: yassi hujayrali va adenokarsinoma. HPV holatini aniqlash shifokorga eng toʻgʻri davolash rejasini tanlashga yordam beradi. Muntazam skrining, erta tashxis va oʻz vaqtida davolash kasallikni boshlangʻich bosqichda aniqlash imkonini beradi va toʻliq sogʻayish ehtimolini sezilarli darajada oshiradi.

Barchasi: Foydali maʼlumotlar

Portal kontentini takomillashtirish boʻyicha taklif va mulohazalaringiz boʻlsa, ularni n.akhatov@asr.gov.uz elektron pochta manziliga yuborishingizni soʻraymiz.