Koʻkrak bezi saratonini davolashning zamonaviy usullari

Koʻkrak bezi saratonini davolash jarrohlik, tizimli va nur terapiyasi kabi uchta asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga oladi. Ushbu usullar oʻsimta bosqichi va xususiyatlariga qarab turli tartibda qoʻllaniladi.

Xalqaro tibbiy onkologiya jamiyati (ESMO) koʻkrak bezi saratonini tashxislash va davolash boʻyicha tavsiyalarni muntazam ravishda yangilab bormoqda. Quyida 2024-yil uchun yangilangan tavsiyalar bilan tanishib chiqing:

◽️ Immunogistokimyoviy tahlil (IGX) — tashxislashning majburiy bosqichi. U oʻsimta turini hamda uning gormonal va targetli terapiyaga taʼsirchanligini aniqlashga yordam beradi (ER, PR, HER2 va Ki-67 markerlari boʻyicha).

◽️ Individual yondashuv — davolash oʻsimta profiliga qarab tanlanadi: HER2-musbat, HER2-low, HR-musbat yoki uch karra manfiy saraton turlarida.

◽️ Targetli terapiya — yangi avlod preparatlari bevosita saraton hujayralariga taʼsir qiladi, sogʻlom toʻqimalarga zarar yetkazilish xavfi kamayadi.

◽️ Immuno va kombinatsiyalangan terapiya — bular davolashning yangi sxemalari boʻlib, terapiyaning samaradorligi va bemorlarning yashash koʻrsatkichlarini oshiradi.

❕ Oʻsimta erta aniqlanganda jarrohlik usuli yordamida koʻkrak bezini saqlab qolish mumkin. Zamonaviy jarrohlik amaliyotlarida organni saqlab qolishga qaratilgan operatsiya usullari qoʻllaniladi. Bunda butun sut bezi emas, faqat oʻsimtadan taʼsirlangan qismi olib tashlanadi. Shuningdek, operatsiya vaqtida signal limfa tugunlari biopsiyasi oʻtkazilib, faqat zararlangan tugunlar olib tashlanadi, sogʻlomlari esa saqlab qoliladi.

💗 Zamonaviy usullar koʻkrak bezi saratonini muvaffaqiyatli davolash imkonini beradi, ayniqsa, kasallik erta bosqichda aniqlansa. 25 yoshdan boshlab har yili koʻrikdan oʻtish tavsiya etiladi.

— 30 yoshgacha muntazam ginekolog koʻrigi
— 30–44 yoshda sut bezlarining UTT (UZI) tekshiruvi
— 45–65 yoshda mammografiya

🙏🙏Erta aniqla — hayotni saqla! Bu shior barchamizning masʼuliyatimizdir.

Barchasi: Yangiliklar

Portal kontentini takomillashtirish boʻyicha taklif va mulohazalaringiz boʻlsa, ularni n.akhatov@asr.gov.uz elektron pochta manziliga yuborishingizni soʻraymiz.