Koʻkrak bezi saratoni turlari
Koʻkrak bezi saratoni — bu bir turdagi kasallik emas, balki turli xil tabiatga ega boʻlgan, turli kechuvchi va davolashga turlicha javob qaytaradigan bir-nechta kasalliklar guruhidir. Davolashning toʻgʻri yoʻlini tanlash uchun shifokorlar avvalo bemorda saratonning aynan qaysi turi mavjud ekanligini tushunishlari lozimdir. Bugungi kunda tibbiyot saratonni morfologik, biologik va yaqinda aniqlangan HER2 oqsili ekspressiyasi darajasiga qarab turlarga ajratish amaliyotini qoʻllaydi.

Morfologik turlar: oʻsma mikroskop ostida qanday koʻrinadi
Morfologik tur oʻsmaning qanday hujayralardan iborat ekanligini va ularning qanday oʻsishini koʻrsatadi.
Eng koʻp uchraydigan shakl — invaziv (boshqa hujayralarga kirib oʻsish xususiyatiga ega boʻlgan) sut yoʻli oʻsmasi boʻlib, u sut yoʻllarining ichki qavatini hosil qiluvchi hujayralardan rivojlanadi va atrofdagi toʻqimalarga kirib oʻsishga moyil boʻladi.
Kamroq uchraydigan shakllar:
- Invaziv boʻlakli karsinoma — sut bezining boʻlaklarida rivojlanadi, koʻpincha ikki tomonlama boʻladi va erta bosqichda aniqlash qiyin hisoblanadi.
- Tubulyar — yaxshi tashkil topgan hujayralardan iborat boʻlib, odatda ijobiy bashoratga egadir.
- Mutsinoz — oʻsma shilimshiq modda (mutsin) ajratadi.
- Medullyar — yirik hujayralardan tashkil topadi va kasallik yon-atrofdagi hujayralarning yalligʻlanishi bilan kechadi.
- Mikropapillyar — koʻpincha HER2-musbat boʻlib, metastazlar hosil qilishga moyil boʻladi.
- Metaplastik — kam uchraydigan, agressiv shakl boʻlib, tashxisni qoʻshimcha immunogistokimyoviy tekshiruv bilan aniqlash talab etiladi.
Kasallikning tubulyar va mutsinoz kabi turlari nisbatan yengil kechishi bilan tavsiflansa, mikropapillyar yoki metaplastik kabi turlari kasallikning agressiv kechishi bilan tavsiflanadi.
Biologik turlar: oʻsmalarning tabiati va davo muolajalariga javob qaytarishi
Oʻsmalarning tabiatini tushunish uchun shifokorlar hujayralar yuzasidagi retseptorlarning mavjudligiga koʻra ularning biologik turini aniqlaydi.
Buning uchun immunogistokimyoviy (IGX) hamda oqsillar tahlili oʻtkaziladi:
- estrogen (ER) va progesteron (PR) retseptorlari,
- HER2 oqsili, u hujayra oʻsishini faollashtiradi,
- Ki-67 — hujayra boʻlinish tezligini koʻrsatadi.
Ushbu belgilar asosida 5 asosiy biologik tur ajratiladi:
Luminal A — gormonal sezuvchanligi mavjud boʻlib, unda HER2 manfiy, hujayralar sekin boʻlinadi. Eng yaxshi davolanishi mumkin boʻlgan turdir.
Luminal B (HER2-manfiy) — gormonal sezuvchanligi mavjud, lekin oʻsish tezroq.
Luminal B (HER2-musbat) — gormonal sezuvchanligi hamda HER2 oqsili mavjud.
HER2-musbat — gormonal retseptorlari yoʻq, maxsus nishonga yoʻnaltirilgan (targetli) davoni talab qiladi.
Uch marta manfiy — na gormonal, na HER2 retseptorlari bor; agressiv, ammo kimyoterapiya usuli bilan yaxshi davolanadi.
Yangi tur: HER2-low (past) Koʻkrak bezi saratoni
Soʻnggi yillarda koʻkrak bezi saratonining HER2-low deb ataluvchi yangi turi ajratildi. U HER2-musbat va HER2-manfiy oʻsmalar orasida oraliq oʻrinda turadi.
HER2 (Human Epidermal Growth Factor Receptor 2) — hujayra yuzasida joylashgan oqsil boʻlib, hujayraning oʻsishi va boʻlinishiga javob beradi. Agar hujayra yuzasida bu oqsil haddan ortiq koʻp boʻlsa, hujayralar nazoratsiz boʻlinib, oʻsimtaning kattalashuviga olib keladi.
HER2 oqsilining mavjudligi ikki xil usul bilan baholanadi:
- IGX — hujayralarning boʻyalish intensivligini aniqlaydi (0 dan 3+ gacha).
- FISH — HER2 genining nusxalari koʻpayganligini aniqlaydi.
Avvallari 3+ yoki 2+ darajada boʻyalgan hamda musbat FISH koʻrsatgichga ega boʻlgan saraton HER2-musbat deb hisoblanar edi.
HER2-low esa HER2 oqsili koʻrsatgichlari yuqori boʻlmagan yangi kategoriyadir:
- IGX koʻrsatgich 1+, yoki
- IGX 2+ va FISH koʻrsatgich manfiy.
Avvallari bunday oʻsmalar HER2-manfiy koʻrsatgichga ega deb hisoblanar edi, ammo endi ular uchun yangi dori vositasi — trastuzumab derukstekan paydo boʻldi. Bu dori vositasi kimyoterapiya moddasini oʻsimta hujayralariga aniq yetkazib, hatto kam miqdordagi HER2-retseptorlarga ega boʻlgan retseptorlarga ham taʼsir koʻrsatadi.
Tadqiqotlarga koʻra, Koʻkrak bezi saratoni bilan kasallangan ayollarning 50% HER2-low turidagi kasallik turiga chalingandir.
Xorijiy davlatlarda trastuzumab derukstekan preparati HER2-low metastatik saratonga chalingan bemorlarning ikkinchi bosqich davosi sifatida keng qoʻllanilmoqda.
Invaziv boʻlmagan saraton (carcinoma in situ): “joyida turgan saraton”
Bu — kasallikning eng erta bosqichi boʻlib, oʻsma hujayralari sut yoʻllari yoki boʻlaklardan tashqariga chiqmagan boʻladi.
Bunga quyidagi turlar kiradi:
- Protokli karsinoma in situ (DCIS) — sut yoʻllarida oʻsadi, jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanadi, baʼzida nur yoki gormonal terapiya yordamida davolanadi.
- Boʻlakli karsinoma in situ (LCIS) — koʻpincha operatsiya qilmasdan kuzatuv amalga oshiriladi, kelajakda saratonning invaziv turiga oʻtib ketishi xavfi mavjud boʻlganligi sababli muntazam kuzatuvda boʻlish talab etiladi.
Invaziv boʻlakli karsinoma: sokin kechuvchi, ammo yuqori xavf darajasiga ega boʻlgan shakl
Invaziv boʻlakli karsinoma barcha holatlarning 5–15% ini tashkil etadi. U koʻpincha ikki tomonda paydo boʻladi va erta bosqichda oʻzini sezdirmaydi. Baʼzi hollarda oʻsmaning haqiqiy oʻlchamlari mamografiyada koʻrsatilgan oʻlchamlardan bir-necha barobar katta boʻlib chiqadi.
Bu turdagi oʻsimtalar koʻp hollarda gormonal sezuvchanlikka ega boʻladi (ER/PR-musbat, HER2-manfiy) va gormonal davolash turida yaxshi natija koʻrsatadi.
Oʻsimta bir-nechta boʻlaklarda bir vaqtning oʻzida paydo boʻlishi mumkinligi sababli, sut bezlarini toʻliq olib tashlash talab etiladi.
Genetik omillar
Baʼzi turdagi Koʻkrak bezi saratoni irsiy mutatsiyalar bilan bogʻliq boʻladi. Koʻpincha mutatsiyalar BRCA1, BRCA2 va CDH1 genlarida uchraydi.
Bu mutatsiyalarning mavjudligi saraton albatta rivojlanishini bildirmaydi, ammo rivojlanish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Shu sababli oilaviy anamnezda kasallik boʻlsa, genetik test topshirish tavsiya etiladi.
Asosiy xulosa
Saraton turini bilish — toʻgʻri davolanishning kalitidir.
Morfologiya oʻsmalarning qayerda paydo boʻlganini, biologiya esa ularning tabiatini, HER2 darajasi esa qaysi davo usuli samarali boʻlishini koʻrsatadi.
Zamonaviy onkologiya endi saraton bilan “koʻr-koʻrona” kurashmaydi — u har bir ayol uchun moslashtirilgan davolash turini tanlaydi.
Va eng muhimi — kasallikni erta bosqichda aniqlash imkon qadar toʻliq sogʻayish va hayotning sifatini saqlab qolishga imkon beradi.