Koʻkrak bezi saratoni tashhisi qanday qoʻyiladi

Davolanishni boshlashdan oldin shifokor nima bilan ish olib borayotganini aniq bilishi kerak. Diagnostika bir nechta muhim savollarga javob beradi: oʻsma yomon sifatlimi, uning oʻlchami qanday, limfa tugunlari yoki boshqa aʼzolarga tarqalganmi, va oʻsmada qanday xususiyatlar mavjud. Aynan shu javoblarga qarab davolash yoʻnalishi va natijasi belgilanadi.

Diagnostikaning asosiy bosqichlari

Shifokor avvalo koʻkrak bezlarini va limfa tugunlarini koʻzdan kechiradi va paypaslab tekshiradi. Soʻng mammografiya yoki sut bezlari va limfa tugunlarining UTT tekshiruvini tayinlaydi.

Biopsiya va toʻqima tahlili

Tashxisni tasdiqlash uchun oʻsma toʻqimasi mikroskop ostida oʻrganiladi. Buning uchun biopsiya oʻtkaziladi — shifokor oʻsmadan kichik boʻlakcha olib, laboratoriyaga yuboradi.

Gistologik tahlil oʻsmada qanday hujayralar borligini koʻrsatadi, immunogistokimyoviy tahlil (IGX) esa oʻsmaning turini aniqlashga yordam beradi:

gormonga taʼsirchan retseptorlar (estrogen, progesteron) bormi;

HER2 oqsili aniqlanadimi;

hujayralar qanchalik tez boʻlinadi (Koʻrsatkich Ki-67).

Ushbu maʼlumotlar asosida qanday davolash — jarrohlik, gormonterapiya, targetli yoki kimyoterapiya — eng mos kelishi aniqlanadi.

Biopsiya natijalari odatda bir necha kun yoki ikki haftagacha tayyor boʻladi. Shu vaqt ichida shifokor kasallikning tarqalgan darajasini aniqlash uchun qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkazishi mumkin.

Metastazlarni aniqlash

Agar oʻsma katta (5 sm dan ortiq) boʻlsa, limfa tugunlari zararlangan yoki laboratoriya belgilarida kasallik tarqalishi aniqlansa, KT (kompyuter tomografiyasi) oʻtkaziladi — koʻkrak qafasi, qorin boʻshligʻi va kichik chanoq organlari kontrast modda bilan tekshiriladi. Baʼzan suyaklarning ostsintigrafiyasi yoki PET-KT tavsiya etiladi — bu usul eng kichik metastazlarni ham koʻrsatadi.

Agar bemorda asab tizimi bilan bogʻliq alomatlar (bosh ogʻrishi, muvozanat buzilishi) boʻlsa, miya yoki orqa miyaning MRT tekshiruvi oʻtkaziladi.

Genetik test

Baʼzi Koʻkrak bezi saratoni turlari irsiy gen mutatsiyalari bilan bogʻliq — eng koʻp BRCA1 va BRCA2 genlari. Genetik shifokor maslahati va tahlil quyidagi hollarda tavsiya etiladi:

45 yoshgacha boʻlgan ayollar uchun;

60 yoshgacha boʻlgan uch martalik salbiy (triple-negative) saraton holatlarida;

agar oila tarixida koʻkrak, tuxumdon, prostata yoki oshqozon osti bezi saratoni boʻlgan boʻlsa;

koʻkrak bezi saratoni aniqlangan erkaklar uchun.

Bunday mutatsiyani aniqlash faqat davolash usulini tanlashda emas, balki oila aʼzolari uchun xavfni baholashda ham muhimdir.

Davolanishdan oldingi tahlillar

Davolashni boshlashdan oldin organizmning umumiy holatini baholash kerak. Shifokor quyidagi tahlillarni buyuradi:

qonning klinik va biokimyoviy tahlili;

qon ivish tizimini baholovchi koagulogramma;

siydik tahlili;

homiladorlik testi (bola tugʻish yoshidagi ayollar uchun).

Bu tahlillar davolashni xavfsiz va toʻgʻri rejalashtirishga yordam beradi.

Eng muhimi

Zamonaviy diagnostika nafaqat saratonni tasdiqlaydi, balki uning qanday rivojlanayotganini ham koʻrsatadi. Maʼlumot qanchalik toʻliq va aniq boʻlsa, davolash shunchalik samarali boʻladi. Shu yoʻl bilan toʻliq sogʻayish imkoniyati oshadi.

Barchasi: Foydali maʼlumotlar

Portal kontentini takomillashtirish boʻyicha taklif va mulohazalaringiz boʻlsa, ularni n.akhatov@asr.gov.uz elektron pochta manziliga yuborishingizni soʻraymiz.