Koʻkrak bezi saratoni kasalligiga shubha qilinganda biopsiya
Biopsiya — shifokor tomonidan koʻkrakdagi shubhali joydan kichik toʻqima namunasini olish bilan kechadigan muolajadir. Aynan biopsiya shifokorga oʻsimtaning xavfli yoki xavfsiz ekanligi toʻgʻrisida aniq xulosaga kelishiga yordam beradi.

Biopsiya turlari
1. Ingichka ignali biopsiya (IIB)
Bu usulda shifokor teri orqali juda ingichka igna kiritib, biroz hujayra materialidan oladi. Jarayon bir necha daqiqa davom etadi, ogʻriqsizlantirish odatda talab etilmaydi.
Muolaja natijasi boʻyicha oʻsimtaning tabiatini taxmin qilish mumkin, ammo aniq tashxis uchun qoʻshimcha tekshiruv zarur.
2. Trepan-biopsiya (qalin ignali)
Bu usulda igna biroz qalinroq boʻladi va u yordamida toʻqimaning kichik “ustunchalari” (odatda 6–8 ta) olinadi. Bu toʻliq gistologik tahlil — yaʼni toʻqima tuzilishini chuqur oʻrganish imkonini beradi. Faqat gistologiya orqali “Koʻkrak bezi saratoni” tashxisi toʻliq tasdiqlanishi mumkin.
3. Jarrohlik biopsiyasi
Kam hollarda, masalan, igna bilan teshish imkoni boʻlmagan holarda qoʻllaniladi. Shifokor kichik operatsiya orqali shubhali joyni olib tashlaydi va tekshiruvga yuboradi.
Trepan-biopsiya qanday oʻtadi
Mahalliy ogʻriqsizlantirish qilinadi (lidokain yoki artikain bilan).
UTT nazorati ostida mayda kesma orqali igna kiritiladi.
Ignaning tez “oʻq otishi” orqali toʻqima parchasidan namuna olinadi.
Namuna keying tahlil uchun maxsus eritmaga joylanadi.
Jarayon yetarli miqdorda material yigʻilguncha bir necha marta takrorlanadi.
Biopsiya davomida namuna olingan joyga bogʻlama qoʻyiladi va muz bosiladi. Baʼzan yengil koʻkarish yoki shish paydo boʻlishi mumkin — bu tabiiy holat, odatda bir necha kunda oʻtib ketadi.
Biopsiyaga qanday tayyorlanish lozim?
Maxsus tayyorgarlik talab qilinmaydi. Faqat muolaja kuni koʻkrak terisiga krem, yogʼ, dezodorant yoki upa surmang.
Qachon ingichka ignali biopsiya qilinadi
Agar shifokor oʻsimta yaxshi sifatli (masalan, kista) deb oʻylasa, shu usul tanlanadi.
Jarayon sodda, arzon va natija 1–2 kun ichida tayyor boʻladi.
Agar saratonga hatto zarracha gumon tugʻilsa, trepan-biopsiya qilinadi.
Sitoslogik tahlil natijalarini tushunish
Sitolog natijani C1 dan C5 gacha baholaydi:
- C1 — material yetarli emas, natija noaniq.
- C2 — yaxshi sifatli oʻsimta.
- C3 — ehtimol yaxshi sifatli, ammo ayrim noodatiy hujayralar bor.
- C4 — yomon sifatli boʻlishi mumkin (shubha bor).
- C5 — katta ehtimol bilan saraton.
Agar natija C3–C5 boʻlsa, tashxisni aniqlash uchun trepan-biopsiya oʻtkaziladi.
Xavfsizlik va his-tuygʻular
Biopsiya xavfsiz muolaja hisoblanadi, asoratlar juda kam (1% dan kam hollarda).
Muolajadan soʻng sovuq kompress qoʻyish, jismoniy zoʻriqishdan saqlanish va qoʻllab turuvchi byustgalter kiyish tavsiya etiladi.
Agar koʻkrak keskin shishib, ogʻrisa yoki harorat koʻtarilsa — shifokorga murojaat qilish lozimdir.
Yanglish fikr: “Biopsiyadan keyin oʻsimta tezroq oʻsadi”
Bu eng keng tarqalgan qoʻrquvlardan biri, ammo u ilmiy jihatdan asoslanmagan.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, biopsiya saratonning oʻsishiga, tarqalishiga yoki “uygʻonishiga” taʼsir qilmaydi.
Biopsiya hujayralarni “sochmaydi” va oʻsimtani “bezovta qilmaydi” — aksincha, kasallikni erta bosqichda aniqlashga yordam beradi. Aynan erta tashxis davolanish natijasini yaxshilaydi.
Agar oʻsimta oʻsayotgan boʻlsa, bu biopsiya muolajasiga emas, balki uning biologik xususiyatlari bilan bogʻliqdir.
Qoʻrquv tufayli biopsiyadan voz kechish esa onkologiyadagi eng muhim narsa — vaqtni yoʻqotishga olib kelishi mumkin.
Asosiysi
Biopsiya — xavfli emas, ogʻriqsiz va juda muhim jarayon.
U saratonni qoʻzgʻatmaydi, aksincha uni toʻxtatishga yordam beradi.
Tashxis qancha erta qoʻyilsa, sogʻayish imkoniyati shuncha yuqori boʻladi.