- Bosh sahifa
- Ma'lumotnoma
- Sut bezi saratoni
- Saraton diagnostikasi
- Sut bezi saratoni turlari
Sut bezi saratoni turlari
Sut bezi saratoni — bu bir turdagi kasallik emas, balki turli xil tabiatga ega bo'lgan, turli kechuvchi va davolashga turlicha javob qaytaradigan bir-nechta kasalliklar guruhidir. Davolashning to'g'ri yo'lini tanlash uchun shifokorlar avvalo bemorda saratonning aynan qaysi turi mavjud ekanligini tushunishlari lozimdir. Bugungi kunda tibbiyot saratonni morfologik, biologik va yaqinda aniqlangan HER2 oqsili ekspressiyasi darajasiga qarab turlarga ajratish amaliyotini qo'llaydi.
Morfologik turlar: o'sma mikroskop ostida qanday ko'rinadi
Morfologik tur o'smaning qanday hujayralardan iborat ekanligini va ularning qanday o'sishini ko'rsatadi.
Eng ko'p uchraydigan shakl — invaziv (boshqa hujayralarga kirib o'sish xususiyatiga ega bo'lgan) sut yo'li o'smasi bo'lib, u sut yo'llarining ichki qavatini hosil qiluvchi hujayralardan rivojlanadi va atrofdagi to'qimalarga kirib o'sishga moyil bo'ladi.
Kamroq uchraydigan shakllar:
- Invaziv bo'lakli karsinoma — sut bezining bo'laklarida rivojlanadi, ko'pincha ikki tomonlama bo'ladi va erta bosqichda aniqlash qiyin hisoblanadi.
- Tubulyar — yaxshi tashkil topgan hujayralardan iborat bo'lib, odatda ijobiy bashoratga egadir.
- Mutsinoz — o'sma shilimshiq modda (mutsin) ajratadi.
- Medullyar — yirik hujayralardan tashkil topadi va kasallik yon-atrofdagi hujayralarning yallig'lanishi bilan kechadi.
- Mikropapillyar — ko'pincha HER2-musbat bo'lib, metastazlar hosil qilishga moyil bo'ladi.
- Metaplastik — kam uchraydigan, agressiv shakl bo'lib, tashxisni qo'shimcha immunogistokimyoviy tekshiruv bilan aniqlash talab etiladi.
Kasallikning tubulyar va mutsinoz kabi turlari nisbatan yengil kechishi bilan tavsiflansa, mikropapillyar yoki metaplastik kabi turlari kasallikning agressiv kechishi bilan tavsiflanadi.
Biologik turlar: o'smalarning tabiati va davo muolajalariga javob qaytarishi
O'smalarning tabiatini tushunish uchun shifokorlar hujayralar yuzasidagi retseptorlarning mavjudligiga ko'ra ularning biologik turini aniqlaydi.
Buning uchun immunogistokimyoviy (IGX) hamda oqsillar tahlili o'tkaziladi:
- estrogen (ER) va progesteron (PR) retseptorlari,
- HER2 oqsili, u hujayra o'sishini faollashtiradi,
- Ki-67 — hujayra bo'linish tezligini ko'rsatadi.
Ushbu belgilar asosida 5 asosiy biologik tur ajratiladi:
Luminal A — gormonal sezuvchanligi mavjud bo'lib, unda HER2 manfiy, hujayralar sekin bo'linadi. Eng yaxshi davolanishi mumkin bo'lgan turdir.
Luminal B (HER2-manfiy) — gormonal sezuvchanligi mavjud, lekin o'sish tezroq.
Luminal B (HER2-musbat) — gormonal sezuvchanligi hamda HER2 oqsili mavjud.
HER2-musbat — gormonal retseptorlari yo'q, maxsus nishonga yo'naltirilgan (targetli) davoni talab qiladi.
Uch marta manfiy — na gormonal, na HER2 retseptorlari bor; agressiv, ammo kimyoterapiya usuli bilan yaxshi davolanadi.
Yangi tur: HER2-low (past) sut bezi saratoni
So'nggi yillarda ko'krak bezi saratonining HER2-low deb ataluvchi yangi turi ajratildi. U HER2-musbat va HER2-manfiy o'smalar orasida oraliq o'rinda turadi.
HER2 (Human Epidermal Growth Factor Receptor 2) — hujayra yuzasida joylashgan oqsil bo'lib, hujayraning o'sishi va bo'linishiga javob beradi. Agar hujayra yuzasida bu oqsil haddan ortiq ko'p bo'lsa, hujayralar nazoratsiz bo'linib, o'simtaning kattalashuviga olib keladi.
HER2 oqsilining mavjudligi ikki xil usul bilan baholanadi:
- IGX — hujayralarning bo'yalish intensivligini aniqlaydi (0 dan 3+ gacha).
- FISH — HER2 genining nusxalari ko'payganligini aniqlaydi.
Avvallari 3+ yoki 2+ darajada bo'yalgan hamda musbat FISH ko'rsatgichga ega bo'lgan saraton HER2-musbat deb hisoblanar edi.
HER2-low esa HER2 oqsili ko'rsatgichlari yuqori bo'lmagan yangi kategoriyadir:
- IGX ko'rsatgich 1+, yoki
- IGX 2+ va FISH ko'rsatgich manfiy.
Avvallari bunday o'smalar HER2-manfiy ko'rsatgichga ega deb hisoblanar edi, ammo endi ular uchun yangi dori vositasi — trastuzumab derukstekan paydo bo'ldi. Bu dori vositasi kimyoterapiya moddasini o'simta hujayralariga aniq yetkazib, hatto kam miqdordagi HER2-retseptorlarga ega bo'lgan retseptorlarga ham ta'sir ko'rsatadi.
Tadqiqotlarga ko'ra, sut bezi saratoni bilan kasallangan ayollarning 50% HER2-low turidagi kasallik turiga chalingandir.
Xorijiy davlatlarda trastuzumab derukstekan preparati HER2-low metastatik saratonga chalingan bemorlarning ikkinchi bosqich davosi sifatida keng qo'llanilmoqda.
Invaziv bo'lmagan saraton (carcinoma in situ): “joyida turgan saraton”
Bu — kasallikning eng erta bosqichi bo'lib, o'sma hujayralari sut yo'llari yoki bo'laklardan tashqariga chiqmagan bo'ladi.
Bunga quyidagi turlar kiradi:
- Protokli karsinoma in situ (DCIS) — sut yo'llarida o'sadi, jarrohlik yo'li bilan olib tashlanadi, ba'zida nur yoki gormonal terapiya yordamida davolanadi.
- Bo'lakli karsinoma in situ (LCIS) — ko'pincha operatsiya qilmasdan kuzatuv amalga oshiriladi, kelajakda saratonning invaziv turiga o'tib ketishi xavfi mavjud bo'lganligi sababli muntazam kuzatuvda bo'lish talab etiladi.
Invaziv bo'lakli karsinoma: sokin kechuvchi, ammo yuqori xavf darajasiga ega bo'lgan shakl
Invaziv bo'lakli karsinoma barcha holatlarning 5–15% ini tashkil etadi. U ko'pincha ikki tomonda paydo bo'ladi va erta bosqichda o'zini sezdirmaydi. Ba'zi hollarda o'smaning haqiqiy o'lchamlari mamografiyada ko'rsatilgan o'lchamlardan bir-necha barobar katta bo'lib chiqadi.
Bu turdagi o'simtalar ko'p hollarda gormonal sezuvchanlikka ega bo'ladi (ER/PR-musbat, HER2-manfiy) va gormonal davolash turida yaxshi natija ko'rsatadi.
O'simta bir-nechta bo'laklarda bir vaqtning o'zida paydo bo'lishi mumkinligi sababli, sut bezlarini to'liq olib tashlash talab etiladi.
Genetik omillar
Ba'zi turdagi sut bezi saratoni irsiy mutatsiyalar bilan bog'liq bo'ladi. Ko'pincha mutatsiyalar BRCA1, BRCA2 va CDH1 genlarida uchraydi.
Bu mutatsiyalarning mavjudligi saraton albatta rivojlanishini bildirmaydi, ammo rivojlanish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Shu sababli oilaviy anamnezda kasallik bo'lsa, genetik test topshirish tavsiya etiladi.
Asosiy xulosa
Saraton turini bilish — to'g'ri davolanishning kalitidir.
Morfologiya o'smalarning qayerda paydo bo'lganini, biologiya esa ularning tabiatini, HER2 darajasi esa qaysi davo usuli samarali bo'lishini ko'rsatadi.
Zamonaviy onkologiya endi saraton bilan “ko'r-ko'rona” kurashmaydi — u har bir ayol uchun moslashtirilgan davolash turini tanlaydi.
Va eng muhimi — kasallikni erta bosqichda aniqlash imkon qadar to'liq sog'ayish va hayotning sifatini saqlab qolishga imkon beradi.
Shifokor bilan maslahatlashing
Bizning maqolalarimiz dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillariga muvofiq yozilgan. Materiallarimizni tayyorlashda biz amaliyotchi shifokorlar bilan maslahatlashamiz va nufuzli manbalarga murojaat qilamiz. Biroq, bizning barcha matnlarimiz maslahat xarakteriga ega va mutaxassisga tashrif buyurishni almashtirmaydi.
Bachadon bo‘yni saratoni
Bachadon bo‘yni saratoni (BBS) —oldini olish mumkin bo‘lgan ayollarda uchraydigan saraton turlaridan biridir. Bu bo‘limda kasallikning oldini olish, skrining, tashxis va davolash bo‘yicha asosiy savollarga javoblar jamlangan. Biz BBS nima ekanligini, PAP-test nima uchun kerakligini va kolposkopiya qanday o‘tkazilishini tushuntiramiz. Bu yerda siz aniq izohlar, muntazam tekshiruv bo‘yicha tavsiyalar va zamonaviy davolash usullari haqida ma’lumot topasiz.
Sut bezi saratoni
Sut bezi saratoni (SBS) — ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasallikdir. Ushbu bo‘limda SB bo‘yicha eng muhim savollarga javoblar jamlangan: tashxis, davolash va kasallikdan so‘ng qayta tiklanish jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Biz dastlabki belgilarni qanday aniqlash, mavjud tekshiruv usullari va tashxis qo‘yilgandan keyin nima qilish kerakligini sodda tilda tushuntiramiz.
