Sut bezi saratoni kasalligiga shubha qilinganda biopsiya

22.10.2025
Saraton diagnostikasi

Biopsiya — shifokor tomonidan ko'krakdagi shubhali joydan kichik to'qima namunasini olish bilan kechadigan muolajadir. Aynan biopsiya shifokorga o'simtaning xavfli yoki xavfsiz ekanligi to'g'risida aniq xulosaga kelishiga yordam beradi.

Biopsiya turlari

1. Ingichka ignali biopsiya (IIB)

Bu usulda shifokor teri orqali juda ingichka igna kiritib, biroz hujayra materialidan oladi. Jarayon bir necha daqiqa davom etadi, og'riqsizlantirish odatda talab etilmaydi.

Muolaja natijasi bo'yicha o'simtaning tabiatini taxmin qilish mumkin, ammo aniq tashxis uchun qo'shimcha tekshiruv zarur.

2. Trepan-biopsiya (qalin ignali)

Bu usulda igna biroz qalinroq bo'ladi va u yordamida to'qimaning kichik “ustunchalari” (odatda 6–8 ta) olinadi. Bu to'liq gistologik tahlil — ya’ni to'qima tuzilishini chuqur o'rganish imkonini beradi. Faqat gistologiya orqali “sut bezi saratoni” tashxisi to'liq tasdiqlanishi mumkin.

3. Jarrohlik biopsiyasi

Kam hollarda, masalan, igna bilan teshish imkoni bo'lmagan holarda qo'llaniladi. Shifokor kichik operatsiya orqali shubhali joyni olib tashlaydi va tekshiruvga yuboradi.

Trepan-biopsiya qanday o'tadi

Mahalliy og'riqsizlantirish qilinadi (lidokain yoki artikain bilan).

UTT nazorati ostida mayda kesma orqali igna kiritiladi.

Ignaning tez “o'q otishi” orqali to'qima parchasidan namuna olinadi.

Namuna keying tahlil uchun maxsus eritmaga joylanadi.

Jarayon yetarli miqdorda material yig'ilguncha bir necha marta takrorlanadi.

Biopsiya davomida namuna olingan joyga bog'lama qo'yiladi va muz bosiladi. Ba’zan yengil ko'karish yoki shish paydo bo'lishi mumkin — bu tabiiy holat, odatda bir necha kunda o'tib ketadi.

Biopsiyaga qanday tayyorlanish lozim?

Maxsus tayyorgarlik talab qilinmaydi. Faqat muolaja kuni ko'krak terisiga krem, yog', dezodorant yoki upa surmang.

Qachon ingichka ignali biopsiya qilinadi

Agar shifokor o'simta yaxshi sifatli (masalan, kista) deb o'ylasa, shu usul tanlanadi.

Jarayon sodda, arzon va natija 1–2 kun ichida tayyor bo'ladi.

Agar saratonga hatto zarracha gumon tug'ilsa, trepan-biopsiya qilinadi.

Sitoslogik tahlil natijalarini tushunish

Sitolog natijani C1 dan C5 gacha baholaydi:

  • C1 — material yetarli emas, natija noaniq.
  • C2 — yaxshi sifatli o'simta.
  • C3 — ehtimol yaxshi sifatli, ammo ayrim noodatiy hujayralar bor.
  • C4 — yomon sifatli bo'lishi mumkin (shubha bor).
  • C5 — katta ehtimol bilan saraton.

Agar natija C3–C5 bo'lsa, tashxisni aniqlash uchun trepan-biopsiya o'tkaziladi.

Xavfsizlik va his-tuyg'ular

Biopsiya xavfsiz muolaja hisoblanadi, asoratlar juda kam (1% dan kam hollarda).

Muolajadan so'ng sovuq kompress qo'yish, jismoniy zo'riqishdan saqlanish va qo'llab turuvchi byustgalter kiyish tavsiya etiladi.

Agar ko'krak keskin shishib, og'risa yoki harorat ko'tarilsa — shifokorga murojaat qilish lozimdir.

Yanglish fikr: “Biopsiyadan keyin o'simta tezroq o'sadi”

Bu eng keng tarqalgan qo'rquvlardan biri, ammo u ilmiy jihatdan asoslanmagan.

Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, biopsiya saratonning o'sishiga, tarqalishiga yoki “uyg'onishiga” ta’sir qilmaydi.

Biopsiya hujayralarni “sochmaydi” va o'simtani “bezovta qilmaydi” — aksincha, kasallikni erta bosqichda aniqlashga yordam beradi. Aynan erta tashxis davolanish natijasini yaxshilaydi.

Agar o'simta o'sayotgan bo'lsa, bu biopsiya muolajasiga emas, balki uning biologik xususiyatlari bilan bog'liqdir.

Qo'rquv tufayli biopsiyadan voz kechish esa onkologiyadagi eng muhim narsa — vaqtni yo'qotishga olib kelishi mumkin.

Asosiysi

Biopsiya — xavfli emas, og'riqsiz va juda muhim jarayon.

U saratonni qo'zg'atmaydi, aksincha uni to'xtatishga yordam beradi.

Tashxis qancha erta qo'yilsa, sog'ayish imkoniyati shuncha yuqori bo'ladi.

Shifokor bilan maslahatlashing

Bizning maqolalarimiz dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillariga muvofiq yozilgan. Materiallarimizni tayyorlashda biz amaliyotchi shifokorlar bilan maslahatlashamiz va nufuzli manbalarga murojaat qilamiz. Biroq, bizning barcha matnlarimiz maslahat xarakteriga ega va mutaxassisga tashrif buyurishni almashtirmaydi.